Xurshid Davron: "Xojali qatliomini unutma!"

Men bu she’rni ko’zda yosh bilan yozganman. Ramziy emas, tom ma’noda aytayapman. O’sha kuni ( 1992 yil 27 fevrali) Moskvaning «Vremya» axborot dasturida Ozarbayjon go’daklarining muzlab yotgan bepoyon dalada sochilib yotgan o’liklarini ko’rsatganda ko’zlarimdan tirqirab yosh oqqan va kechasi bilan uxlolmasdan «Men ham o’ldim siz bilan birga» sarlavhali 3 varaqli maqola va unga ilova tarzda bir she’r yozganman. Maqolada 1918 yili Qo’qon aholisini qatliom etgan, o’q qolmagani uchun shahar va atrofida 40 mingdan ziyod begunoh odamni qilich bilan chopgan, joduda boshlarini qirqqan dashnoqlar, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho’lponni qamoqda beayov qiynagan jallod tergovchilarning hammasi Xo’jali qirg’inini amalga oshirganlarning qondoshlari ekanini aniq tarixiy faktlar bilan yozgan edim. Bir necha kundan keyin ular muxolifat gazetasida chop etilgan edi. Afsuski, o’sha maqola va she’rning aniq matni menda qolmagan. Ularni mendan tergov payti olib ketishgan edi. TVga chiqarib tavba qildirishgan, bunday maqola va she’rlar yozmaslik haqida tilxat yozdirib olishgan edi. Har yili 26 fevral` yaqinlashganda men bu dahshatli qirg’inni eslayman. Unutolmayman o’sha hasratli manzarani. Sizga taqdim etilayotgan she’rni taxminan tikladim. Yaratgan Egamdan shahid go’daklarni, ularning qatliom etilgan ota-onalarini rahmatiga olishni, gazanda qotillarni jahannam o’tida kuydirishini so’rayman.

XOJALI BOLALARIGA

 

Ey,ozari bolalarim,

Yuragimda nolalarim,

Ko’zlarimda jolalarim,

Men ham o’ldim siz bilan birga!

 

Bu jallodlar inson emas,

Bu sallotlar inson yemas,

Inson inson go’shtin yemas,

Men ham o’ldim siz bilan birga!

 

O’tar kunlar,o’tar tunlar,

Qoningizdan gullar unar,

“Intiqom!” — deb xanjar sunar,

Men ham o’ldim siz bilan birga!

1992 yil,fevral

Xudaferin.eu

15:13